Bugun Oʻzbekistonda mahalla tizimiga boʻlgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Zero, bu aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va anʼanaviy mexanizmidir. Xalq bilan muloqotning bunday usulini boshqacha qilib mahallabay ishlash tizimi deb atayapmiz. Umuman, bu borada qanday ishlar qilinmoqda, rejalar, maqsadlar nimalardan iborat? Muxbirimiz shu kabi savollar bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatovga murojaat qildi.
— Avvalo, soʻzimizni joylarda tashkil etilayotgan mahallabay ish tizimi va bu borada olib borilayotgan vazifalar ijrosidan boshlasak. Aytingchi, mahallabay ish olib borishning asosiy mohiyati nimada? Bu borada Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan hozirda qanday ishlar yoʻlga qoʻyilgan?
— Albatta, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan mahallabay va fuqarobay ish uslublari ayni damda aholi murojaatlari va jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishda jamiyatimizdagi barcha sohalar uchun eng samarali yoʻl ekanligi oʻz isbotini koʻrsatmoqda.
Rivojlangan davlatlar bilan raqobatbardoshlik xususiyatini oshirib borishning ijtimoiy sharti — boshlangʻich boʻgʻinlardagi ogʻriqli nuqtalarni aniqlash va uni bartaraf etishda jamoaviy yondashuvlarni tashkil etish hisoblanadi.
Mahallabay ishlash tizimi murakkab jarayon boʻlishiga qaramasdan, unda har bir insonning dardini tinglash, uning qismatini tubdan oʻzgartirish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy oʻsishlar bilangina emas, balki aholining oʻz hayotidan mamnunligi bilan oʻlchash kabi mezonlar mavjud.
Ushbu tizim oʻz navbatida, siyosiy chaqiruv ham hisoblanadi. Unga koʻra ijtimoiy-iqtisodiy reformalar, ichki va tashqi resurslar hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar, turli idora va tashkilotlarning “faoliyat yoʻlaklari” mahallalar kesimida tashkil etiladi.
Shuning natijasida ayni vaqtda yurtimizdagi barcha sohalar faoliyatida va kechayotgan oʻzgarishlar mohiyatida mahallabay soʻzining ahamiyati kundan kun ortib bormoqda. Respublikamizdagi barcha tashkilot va idoralarning mazkur amaliyot natijasida joylarda tashkil etayotgan ish faoliyati aynan mahallalardagi oʻzgarishlar va bu orqali mavjud muammolarning hal etilishiga qaratilgani bilan yana-da ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, mahalladagi mavjud muammolar va aholining kundalik masalalarini hal etish birgina mahalla tizimi xodimlari tomonidan bartaraf etish imkonsiz. Shu sababli bu jarayonda har bir soha masʼullarining ishtiroki va aralashuvi muhim jihatdir. Joylarda olib borilayotgan mahallabay ishlash mexanizmining ham muhim asosini ana shu tamoyil — barcha soha vakillarining hamjihat boʻlib, hududlardagi masalalarni yechishga kompleks yondashishi tushuniladi.
Aytaylik, bugun odamlarning eng muhim muammosiga aylanib borayotgan gaz va issiqlik taʼminotini yaxshilash masalasini «Hududgaztaʼminot» AJning joylardagi masʼullari ishtirokisiz amalga oshirib boʻlmaydi. Shuningdek, suv, yoʻl va boshqa muhim sohalarda sezilarli oʻzgarish yasash uchun ham shu hududdagi aynan oʻsha tizim xodimlarining doimiy ishtiroki muhim ahamiyatga egadir.
Mahallabay ishlash, bu — barcha soha mutasaddilarining bir musht boʻlib, mahallalardagi muammolar, aholi turmushidagi muhim masalalarni birgalikda hal etishning yangicha mexanizmidir.
Joylardagi muammolarni mahallabay aniqlash va bartaraf etish, xususan, hududlarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari masʼul xodimlaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan. Mazkur amaliyot natijasida joylardagi odamlarni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy muammolar hal etilmoqda.
Xususan, joriy yil davomida Ishchi guruhlar tomonidan yurtimizdagi murakkab vaziyatdagi mahallalarning ichki yoʻllari, ichimlik suvi va elektr taʼminoti, irrigatsiya tarmogʻini yaxshilash boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, shu vaqtiga qadar chekka mahallalardagi 2 904 km ariq va zovurlar tozalandi, 232 126 dona mevali va manzarali daraxt koʻchati ekildi, 950 ta maishiy chiqindi toʻplash maskani tartibga keltirilib, 39 tasi yangidan qurildi, 1186 ta tungi yoritgich moslamasi oʻrnatildi.
Shuningdek, aholi salomatligini saqlash maqsadida 80 145 nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 5 962 nafariga bepul dori-darmon mahsulotlari, 1 380 nafariga nogironlik aravachasi, qoʻltiq tayoq hamda protez-ortopediya vositalari tarqatildi. Ehtiyojmand oila vakillariga ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida 6 413 nafar fuqaroga maishiy texnika, tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari berilgan boʻlsa, 1 024 nafar yurtdoshimizga moddiy yordam koʻrsatiladi.
— “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ayollar tadbirkorligini tashkil etish va rivojlantirish, ehtiyojmand oilalarda yashovchi xotin-qizlarni oliy taʼlimga kengroq qamrab olish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan. Suhbatimizni mazkur mavzuga oid fikrlar bilan davom ettirsak…
— Mazkur Davlat dasturida koʻplab ijtimoiy masalalar ijrosi qatori 6,5 ming nafar xotin-qizning kichik tadbirkorlik loyihalariga oʻrnatilgan tartibda kreditlar ajratish, xotin-qizlarning biznes sohasidagi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish orqali ularning bandligini taʼminlash borasida tegishli tashkilotlar qatorida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi oldiga ham aniq vazifalar belgilab berilgan.
Shu oʻrinda aytib lozimki, vazirlikning asosiy funksiyalaridan biri ham aynan xotin-qizlar bandligini taʼminlash hamda ularga bu borada manzilli yordam koʻrsatish bilan uzviy bogʻliqdir. Ayni vaqtga qadar vazirlik tashabbusi bilan 41 110 nafar xotin-qiz oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini boshlaganligi, 11 ming nafar xotin-qizlarga banklar tomonidan 1 trln. soʻmdan ortiq kreditlar ajratilishiga koʻmaklashilganligi ham fikrimiz tasdigʻidir.
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari tomonidan 3 335 nafar xotin-qizlarning kichik biznes loyihalari uchun jami 70 mlrd. 922 mln. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi, hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tomonidan 39 600 nafar ayollar tikuvchilik, pazandachilik, tadbirkorlik koʻnikmalari kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqitildi.
Davlat dasturi asosida joriy yilda ham xotin-qizlar tadbirkorligini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha hamkor tashkilotlar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar bilan uzviy hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Ehtiyojmand oilalarda yashovchi xotin-qizlarni oliy taʼlimga kengroq qamrab olish maqsadida ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-con qaroriga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida taklif tayyorlanmoqda.
Oʻylaymanki, kiritilayotgan mazkur oʻzgarishlardan soʻng xotin-qizlarning oliy taʼlim muassasalariga yana-da koʻproq qamrab olish imkoniyati oshadi.
— Ogʻir ijtimoiy vaziyatdagi xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yangicha tizimi sifatida yoʻlga qoʻyilgan “Ayollar daftari”ning samaradorligi, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ga koʻrsatilayotgan yordamlar xususida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Davlatimiz rahbari koʻrsatmasiga asosan yoʻlga qoʻyilgan “Ayollar daftari” xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi sifatida, chinakam maʼnoda yangi qadam boʻldi, deyish mumkin. Bu eʼtirofni birgina “Ayollar daftari”ga kiritilgan 433 mingga yaqin xotin-qizlarning 80 175 nafari yoki 19 foizining muammolari oʻrnatilgan tartibda toʻliq hal etilganligidan ham koʻrish mumkin.
Shu kunga qadar 7 ming 842 ta mahallalardagi 30 yoshdan yuqori boʻlgan 5 mln 363 ming 640 nafar xotin-qizlar bilan suhbatlar oʻtkazilganligi, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Elektron dastur yaratildi. Bunda eng asosiy eʼtibor, dasturga kiritilgan xotin-qizlarning muammolariga qay darajada yechim topilayotganligini jamoatchilik ishtirokida kuzatishga qaratiladi.
Bunda aniqlangan muammolarni bartaraf qilish maqsadida har bir tuman va shahar boʻyicha alohida “Manzilli chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi va undagi belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
— Fuqarolar yigʻinlari binolari va ularning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash borasida vazirlik oʻz oldiga qoʻygan vazifalarni qay darajada amalga oshirib kelmoqda?
— Savolingiza javob sifatida bir misolni keltirib oʻtsam. Vazirlik tashkil etilishiga qadar respublika boʻyicha 9 098 ta fuqarolar yigʻinlari mavjud boʻlib, shundan 21 tasi jamoatchilik asosida (oylik maosh olmasdan) faoliyat yuritib kelgan, shuningdek, 3 217 ta fuqarolar yigʻinlari oʻz xizmat binosiga ega emasdi.
Oʻtgan vaqt davomida olib borilgan zarur chora-tadbirlar natijasida respublika boʻyicha 472 ta mahalla binosi yangidan qurildi, 195 tasining binosi qayta rekonstruksiya qilindi, 1292 tasi joriy taʼmirlandi. 1 602 ta mahalla binolarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi, 656 tasiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yangi binolar qurish uchun yer maydonlari ajratildi.
2 534 ta fuqarolar yigʻini kompyuter, 1 069 tasi mebel jihozlari bilan taʼminlandi. 2 279 ta mahalla internet tarmogʻiga, 2 817 tasi telefon tarmogʻiga ulandi. 924 ta fuqarolar yigʻinlarining kommunal toʻlovlardan 1 mlrd 66 mln.soʻmlik qarzdorligi toʻliq qoplab berildi.
Aholi soni 10 mingdan yuqori boʻlgan fuqarolar yigʻinlarini boʻlish evaziga qoʻshimcha 70 ta yangi fuqarolar yigʻini tashkil etildi. Shuningdek 11 ta jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan fuqarolar yigʻinlarini davlat byudjetidan moliyalashtirish masalasi hal etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-fevraldagi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan manzilli dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 46-sonli qarori asosida 2021-2022-yillar davomida
2 951 ta fuqarolar yigʻinlari, jumladan 2021-yilda yana 1 881 ta, 2022-yilda esa 1 070 ta fuqarolar yigʻinlari binolarini qurish rejalashtirilmoqda.
— Vazirlik tomonidan nuroniylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, keksa avlod vakillarini mahallalar faoliyatiga keng jalb etish, ularning boy hayotiy tajribalaridan oilaviy ajrimlar va jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni tarbiyalashda samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida qisqacha soʻz yuritib oʻtsak.
— Yurtimizda yoshi ulugʻ otaxonu moʻtabar onaxonlarimizni eʼzozlash, hurmatini joyiga qoʻyish, har bir ezgu ishni ularning duosi bilan boshlash xalqimizning uzoq asrlik urf-odati, milliy anʼanalari hamda yashash tarzining ajralmas qismiga aylangan, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Bu, eng avvalo, bizning keksalarga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborimiz namunasi boʻlsa, ikkinchi tomondan yosh avlod uchun ulkan tarbiya va tajriba maktabi hamdir.
Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda bu kabi ezgu anʼanalar yana-da sayqal topib, mamlakatimizda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, nuroniylarning turmush darajasini yaxshilash, salomatliklarini tiklash, bu borada qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy bazani mustahkamlash yoʻlida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 12 ming 876 nafar nuroniylarning sanatoriylarda salomatliklari tiklanib, 66 ming nafar otaxon va onaxonlar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Nuroniylar ishtirokida 3 978 ta notinch oila yarashtirilib, 3784 nafar voyaga yetmaganlar profilaktik hisobdan chiqarildi.
Muhtaram Prezidentimizning poytaxtimizning Yunusobod tumaniga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida ayni vaqtda boy hayotiy tajribaga ega, oʻz ortidan odamlarni ergashtira oladigan, mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olishda namuna boʻladigan 140 ming 805 nafar nuroniylar roʻyxati shakllantirilib, mahallalardagi tarbiyasi ogʻir, ishsiz yoshlarga, notinch va ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarga biriktirilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yil Davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni yurtga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ular ongiga milliy urf-odat va qadriyatlarimizni chuqur singdirish borasida oʻrnak boʻlgan nuroniylar oʻrtasida “Yoshlar murabbiysi” koʻrik tanlovi oʻtkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 25-dekabr kungi Yoshlar forumidaga nutqida keltirib oʻtilgan topshiriq doirasida yurtimizdagi barcha mahallalarda har shanba kuni “Ahil oila kuni” deb eʼlon qilinib, mustaqil hayotga qadam qoʻyish ostonasida turgan yigit-qizlar, yosh oilalar vakillari oʻrtasida targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
“Xalq soʻzi” muxbiri
S.MAXSUMOV suhbatlashdi