Qrim-Kongo  gemorragik isitma

🔶Qrim-Kongo  gemorragik isitma kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, tabiiy sharoitda kanalar orqali yuqadigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari gemorragik isitma kasalligi virusining tashuvchilari, kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar esa gemorragik isitma virusining manbalari hisoblanadi.

🔶Ushbu kasallik o‘zida  gemorragik virusini  saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llar kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Bundan tashqari, kasallik odamga shu kasallik bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham yuqishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining cho‘l hududlari mazkur kasallik bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi. Kasallik respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishi ham mumkin.

🔶Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlarga qisqarishi yoki 14 kungacha cho‘zilishi mumkin. Kasallik o‘tkir boshlanib, bemorning tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi, sovqotib qaltirashi, mushaklari og‘rishi, badanga toshma toshishi, yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilari qizarishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zi holatlarda kasallik og‘ir kechib, bemordan qon ketishi natijasida  o‘lim qayd etiladi. Mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, organlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va zaharlanish alomatlari bilan namoyon bo‘ladi.

https://t.me/sanepidqom_qarshitum