Mutaxassis maslahati: Kuydirgi kasalligidan ehtiyot bo‘ling!
Kuydirgi (Sibir yarasi) — hayvonlardan odamlarga yuqadigan xavfli yuqumli kasallikdir. Kasallikning qo‘zg‘atuvchisi tuproqda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Kasallik asosan kasallangan chorva mollari yoki ularning mahsulotlari bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqadi.
Kasallikdan himoyalanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
Go‘sht va boshqa chorvachilik mahsulotlarini faqat veterinariya nazoratidan o‘tgan joylardan xarid qiling.
Kasal yoki to‘satdan nobud bo‘lgan hayvonlarga tegmang, ularni so‘ymang va go‘shtini iste’mol qilmang.
Hayvonlarni o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazing hamda emlatish tadbirlarida ishtirok eting.
Hayvonlarni parvarish qilishda qo‘lqop va boshqa himoya vositalaridan foydalaning, ish tugagach qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuving.
Hayvonning to‘satdan nobud bo‘lishi yoki kasallik alomatlari kuzatilsa, zudlik bilan veterinariya mutaxassisiga xabar bering.
Kuydirgi kasalligi alomatlari:
Teri shaklida: terida og‘riqsiz yara paydo bo‘lib, markazi qora tusga kirishi.
Isitma, holsizlik, bosh og‘rig‘i va limfa tugunlarining kattalashishi.
Kam hollarda nafas olish yoki ovqat hazm qilish tizimi zararlanishi mumkin.
Agar o‘zingizda yoki yaqinlaringizda ushbu alomatlar kuzatilsa, vaqtni boy bermasdan tibbiyot muassasasiga murojaat qiling. Erta tashxis va o‘z vaqtida davolanish kasallikning og‘ir asoratlarini oldini olishga yordam beradi.
Sog‘lig‘ingizni asrang! Profilaktika — eng ishonchli himoyadir.
https://t.me/sanepidqom_qarshitum