Botulizm

Botulizm (lotincha: botulus — „kolbasa“)—odam v ahayvonlar (ayrim sutemizuvchilar)da uchraydigan oʻtkir yuqumli kasallik; ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar guruhiga kiradi.

Botulizm (Clostridium botulinum) bakteriyalari bilan ifloslangan ovqatlar isteʼmol qilinganda yuzaga keladi. Botulizm qoʻzgʻatuvchilari tabiatda keng tarqalgan boʻlib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yemxashakka oʻtadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, soʻngra najas bilan yer yuziga tarqaladi.

Botulizm mikrobi faqat anaerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib qolgan sporalar anaerob sharoitda oʻsib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni isteʼmol qilgan odam kasal boʻladi.

Botulizm toksini ichakda tez soʻriladi, qonga oʻtadi va butun organizmga tarqalib, asosan nerv sistemasini zararlaydi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi. Bemorning boshi ogʻriydi, tinkasi quriydi, koʻzi tinadi, lohaslanadi, koʻngli aynib qusadi, uyqusi qochadi, qorni ogʻriydi, ogʻzi quriydi, tashna boʻladi; koʻpincha qabziyat kuzatiladi. Keyinchalik boshi aylanadi, koʻz xiralashadi, qovoqlar salqiydi, bemor ravon gapira olmaydi yutish, nafas olish faoliyati buziladi; yurak va nafas markazlari falajlanishi tufayli oʻlim sodir boʻlishi mumkin.

https://t.me/sanepidqom_qarshitum